KONSTITUTSIYAMIZ HAQIQIY HAYOT QOMUSIGA AYLANDI

Inson hayotda baxtli yashash uchun intiladi, ezgu maqsadlar sari qadam tashlaydi.Uning huquq va erkinliklari kafolatlangan, adolat va qonun ustuvor jamiyatdagina bunga erisha oladi.  Yangi O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan har bir fuqaroni hayotdan rozi qilish yo‘lidagi islohotlardan ko‘zlangan maqsad ham aslida shu. Bugungi kunda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi farovon hayotning mustahkam poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda.

Bu  yil Asosiy Qonunimizning qabul qilinganligiga 29 yil to‘lmoqda. Konstitutsiyamiz har bir fuqaroning ongi va qalbidan chuqur joy olgan, ularning huquq va erkinliklarini to‘liq kafolatlaydigan haqiqiy hayot qomusiga aylanmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda yurtimizda barcha sohalarda ulkan ishlar amalga oshirildi. Prezidentimiz tashabbusi bilan inson qadri ulug‘lanmoqda. Islohotlar ham aynan inson omiliga qaratilganligi ham buni yaqqol ko‘rsatib turibdi. Mustaqilligimizning ilk davrida qabul qilingan Konstitutsiyamiz shaxs, jamiyat va davlat o‘rtasidagi munosabatlarda o‘zaro huquq va majburiyatlar hamda ularning kafolatlarini aniq-ravshan belgilab berdi. Bosh qomusimiz, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, yurtimiz fuqarolari tengligining kafolatlanishini e’tirof etdi va zamonaviy demokratik taraqqiyot uchun zamin yaratdi.

Uning o‘ziga xos jihatlari haqida so‘z borganda, unda insonparvar demokratik huquqiy davlat barpo etish maqsad qilingani, inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari eng oliy qadriyat deya e’tirof etilgani, jahon konstitutsiyashunoslik xazinalari bo‘lmish – tenglik, adolat, mafkura hamda fikrlar xilma-xilligi, hokimiyatlar bo‘linishi, fuqarolarni huquq va erkinliklaridan sud qarorisiz mahrum etib bo‘lmasligi, aybsizlik prezumpsiyasi kabilar mustahkamlanganligini ta’kidlash zarur.

Asosiy qonunimizda O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi – hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslangan. Sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritishi kabi muhim normaning mustahkamlab qo‘yilishi, o‘z navbatida sud hokimiyatining O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyati tizimiga mansubligini hamda uning amalda mustaqil va erkin faoliyat ko‘rsatishini kafolatladi. 

Barchamizga ma’lumki, mamlakatimizda odil sudlovni amalga oshirish borasida jiddiy qadamlar tashlandi. Sud-huquq sohasidagi islohotlarning ustuvor yo‘nalishlaridan biri – insonning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari, avvalo, asossiz jinoiy ta’qib va shaxsiy hayotga aralashishdan himoyalanish, shaxsiy daxlsizlik huquqlari hamda adolatli sud muhokamasiga bo‘lgan huquqlari samarali muhofaza etilishini ta’minlash hisoblanadi. Zero, har bir demokratik davlatda sud tizimi inson huquqlari himoyasiga qaratilgan mexanizmning asosini tashkil qiladi. 2021 yil 9 fevral kuni Konstitutsiyaning 107-moddasi birinchi qismi sud tizimi tuzilmasi qayta tahrir etildi.

Sudlar bugungi kunda adolat qo‘rg‘oni sifatida qonun ustuvorligini ta’minlamoqda. Xususan, o‘tgan davr mobaynida viloyatimizda 33 shaxsga nisbatan oqlov hukmlarining chiqarilgani ham aslida insonparvarlikning yorqin ifodasidir.

Mustaqillik yillarida amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlarga, shuningdek, bugungi kunga kelib xalqimiz erishgan ulkan yutuqlarga yana bir bor nazar tashlar ekanmiz, mazkur islohotlar va yutuqlarning fundamental asosi va huquqiy negizini Asosiy Qomusimiz tashkil etishini yana bir bor ko‘rishimiz mumkin.  Asosiy Qomusimiz mazmun-mohiyatidan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksida urushni targ‘ib qilganlik uchun (150-moddasida), mavjud konstitutsiyaviy tuzumni o‘zgartirishga da’vat etganlik uchun (159-moddasida) jinoiy javobgarlik belgilangan.

O‘tgan yillar davomida inson manfaatlarini muhofazalashga qaratilgan milliy qonunchilik tizimi yaratilgani va izchillik bilan hayotga tatbiq etilayotgani samarasi bugun yurtimizda yashayotgan har bir insonning munosib hayot kechirishida, aholi farovonligi va  jamiyatimiz barqarorligi misolida kuzatish mumkin.  Asosiy qonunimiz iqtisodiy sohada ham muayyan imkoniyatlarni yaratib bermoqda. Mamlakat iqtisodiyotining negizini xilma-xil shakllardagi mulk tashkil etishining Konstitutsiyada belgilab qo‘yilishi hamda tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari yaratilganligi mulkdor bo‘lish huquqini amalga oshirishga har tomonlama sharoit va qulayliklar tug‘dirdi. Ayniqsa, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi va huquqiy jihatdan teng muhofaza etilishi kafolatlanganligi jamiyatda tadbirkorlik ruhini qaror toptirishning muhim omili sifatida namoyon bo‘lmoqda. Sudlar tomonidan investorlar va tadbirkorlarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida ham sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, viloyat iqtisodiy sudlari tomonidan 2021 yilning 10 oyida 849 ta tadbirkorlarga oid ishlar ko‘rilgan hamda 7 nafar investorlarning buzulgan huquqlari sud tomonidan ko‘rilib, qanoatlantirilgan.

Muxtasar aytganda, xalqimiz farovonligi va Vatanimiz ravnaqining huquqiy asosini tashkil etuvchi Asosiy qomusimiz yurtimizda yashayotgan har bir fuqaro, oila taqdirida, ularning bugungi hayoti, ertangi kelajagini ta’minlashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.

 

Shuhrat Kamolov,

 Farg‘ona viloyat sudining raisi

Farg‘ona viloyat sudining raisi So‘x tumanida fuqarolar bilan uchrashdi

Farg‘ona viloyatining tuman va shaharlarida jinoyat va huquqbuzarliklar, nikohdan ajratish, tadbirkorlik subyektlari ishtirokidagi nizolar hamda fuqarolarning murojaatlari ko‘paygan mahallalar, tumanlarda profilaktika ishlarini jonlashtirishga qaratilgan sayyor qabullarni tashkil etish masalasida Farg‘ona viloyat sudining raisi viloyat ma’muriy sudi raisi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash Boshqarmasi boshlig‘i va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farg‘ona viloyatidagi Xalq Qabulxonasi mudiri o‘rtasida tasdiqlangan reja ijrosi yuzasidan  viloyat sudining raisi Sh.Kamolov raisligida, rais o‘rinbosarlari va sudyalari ishtirokida Farg‘ona viloyati So‘x tumani “Ravon” mahalla fuqarolar yig‘ini binosida 26 shaxslarning murojaatlari o‘rganib chiqildi.

Jumladan:

5 nafar shaxslarga nisbatan ishlari sayyor sud majlisida ko‘rilib, tayinlangan jazo turlari O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 73-moddasi tartibida muddatidan oldin shartli ravishda ozod etildi;

1 nafar shaxsning da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha So‘x tuman sudi tomonidan qabul qilinib, ro‘yxatga olindi;

1 nafar shaxsga fuqarolik ishlari bo‘yicha Rishton tumanlararo sudining hal qiluv qaroridan nusxa olib berildi;

19 nafar shaxsga nisbatan huquqiy tushuntirishlar berildi.

Qabulda tuman prokuraturasi, Ichki ishlar boshqarmasi, Majburiy ijro byurosi, Xalq qabulxona, tuman hokimiyati vakillari, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi xodimlari hamda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi bilan hamkorlikda ish olib borilib, fuqarolarni qiziqtirgan masalalar yuzasidan tegishli huquqiy tushuntirishlar berildi.

Qabulda muammolari hal bo‘lgan 21 nafar fuqarolar hamda tadbirkorlik tomonidan og‘zaki tashakkurnomalar bildirildi.

Sudya va yoshlar

Joriy yilning 10 noyabr kuni Farg‘ona viloyati sudi binosida yuridik texnikum o‘quvchilari bilan “Sudya va yoshlar” mavzusida uchrashuv tashkil qilindi.

Uchrashuvda yuridik texnikum o‘quvchilari viloyat sudining tarixiy- muzeyi, axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda interaktiv xizmatlar va sud majlislarini masofaviy o‘tkazish tartibi hamda viloyat sudining ma’muriy binosi bilan yaqindan tanishdilar.

Shu bilan birga majlislar zalida viloyat sudining sudyalari va yoshlar kengashi yetakchilari bilan davra suhbati o‘tkazildi.

Sudyalar va yoshlar kengashi yetakchilari suhbatni hozirgi kundagi “Sud- huquq” tizimidagi islohotlar, sudyalar oliy kengashining tashkil qilinishi, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 noyabrda so‘zlagan nutqidagi Taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshiriladigan eng ustuvor vazifalar, shu bilan birga sohaga oid bo‘lgan mavzular doirasida o‘tkazishdi va texnikum o‘quvchilari berilgan savollariga mazmunli javob oldilar.

Skip to content